«PSJ» yarim himoyachisi Senni Mayulu yozda shartnomasini 2031 yilgacha uzaytirganiga qaramay, joriy mavsumda jamoada kam o‘yin vaqti olayotgani bilan ajralib turibdi.
Avvalroq Luis Enrike 20 yoshli futbolchini qo‘llab-quvvatlab, shunday degan edi:
«U men uchun muhim futbolchi. U klub tarbiyalanuvchisi va jamoaga nimalar bera olishini ko‘rish juda muhim».
Biroq Mayulu joriy mavsumda atigi 67 daqiqa maydonda harakat qildi. U Liga 1da bir marta asosiy tarkibda maydonga tushgan, yana to‘rt uchrashuvda zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan.
«Brest»ga qarshi safar o‘yini oldidan Luis Enrike vaziyatni shunday izohladi:
«Bu yil o‘yin vaqti masalasida biroz boshqacha vaziyat bor, chunki tarkibimizda futbolchilar soni ko‘proq».
Shundan so‘ng Mayulu «Brest»ga qarshi o‘yin qaydnomasiga ham kiritilmadi. U mavsumning ilk turida «Renn»ga qarshi bahsni ham o‘tkazib yuborgan edi.
Futbolchining atrofidagilar esa Luis Enrike bilan munosabatlarda hech qanday muammo yo‘qligini ta’kidlamoqda:
«U raqobatni yaxshi ko‘radi va o‘ynashni istaydi. Murabbiy qarorlariga ishonadi. Hozircha esa tayyor holatda qolib, o‘z ishini bajarmoqda».
Mayulu mavsumoldi tayyorgarlik davrida «Malyorka» va «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yinlarda «PSJ» sardori sifatida ham maydonga tushgan. Biroq yarim himoya chizig‘ida raqobat kuchaygani unga muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishni qiyinlashtirmoqda.













