Kirish Ro'yxatdan o'tish

Islom Maxachev va Jon Jons barcha davrlarning eng yaxshi jangchisi borasida bahslashdi

Islom Maxachev va Jon Jons barcha davrlarning eng yaxshi jangchisi borasida bahslashdi

Baho:
+ | -

UFC yarim o‘rta vazn toifasi chempioni, rossiyalik Islom Maxachev va sobiq ikki vazn toifasi chempioni Jon Jons MMA tarixidagi eng yaxshi jangchi (GOAT) maqomi borasida ijtimoiy tarmoqlarda bahsga kirishdi. Maxachev Jonsning faoliyatidagi doping bilan bog‘liq holatlarni tanqid qilgan bo‘lsa, amerikalik jangchi o‘zini himoya qildi.

Ushbu bahs Maxachev Jonsning g‘alabalar seriyasini to‘liq hisobga olmasligini aytganidan so‘ng boshlandi. Rossiyalik jangchi amerikalik yakka kurash ustasining faoliyati davomida taqiqlangan moddalar bo‘yicha ikki marta muammoga duch kelganini ta’kidlab, shu sababli uning g‘alabalar seriyasini to‘liq tan olmasligini bildirdi.

“Men Jon Jonsni tarixdagi eng buyuk sportchilardan biri deb hisoblayman. Buni inkor etmayman. Ammo u ikki marta doping bilan bog‘liq muammoga duch kelgan. Shu sababli uning g‘alabalar seriyasini to‘liq tan olmayman. U taqiqlangan moddalar aniqlanganidan keyin ham janglarda g‘alaba qozongan. Menimcha, o‘sha jangdan keyingi natijalardan boshlab hisob yuritish kerak”, dedi Maxachev.

Islom Jonsning Daniyel Korme bilan jangiga ishora qilgan. Jons Kormeni mag‘lub etganidan keyin uning doping testi ijobiy chiqqan. Natijada jang natijasi bekor qilinib, Jonsning og‘ir vazn toifasidagi chempionlik kamari ham tortib olingandi.

Jons esa ijtimoiy tarmoq orqali Maxachevning fikrlariga javob qaytardi. U AQSH antidoping agentligi (USADA) tomonidan organizmida taqiqlangan anabolik steroid — turinabol juda kam miqdorda aniqlanganini aytdi. Jonsning ta’kidlashicha, ushbu moddaning uning jangdagi natijasiga ta’sir qilgani yoki uni ataylab qabul qilgani isbotlanmagan. U USADA xulosalarining faqat bir qismini asos qilib, faoliyatiga baho berish noto‘g‘ri ekanini ta’kidladi.

Shu bilan birga, amerikalik jangchi Maxachevning faoliyatidagi yagona mag‘lubiyatini eslatib o‘tdi. Jons Maxachevning murabbiyi Abdulmanap Nurmagomedov ilgari uni “Xudoning sovg‘asi” deb ataganini ham ta’kidladi. Shuningdek, Jons Daniyel Kormega qarshi jangdagi g‘alabasini ham eslatib, Maxachev hali barcha davrlarning eng yaxshi jangchisi maqomi uchun kurashda uning darajasiga yetmaganini aytib o‘tdi.

Maxachev esa Jonsning javobidan keyin yana munosabat bildirdi. U amerikalik jangchining yutuqlarini kamsitmoqchi emasligini aytib, Jonsning faoliyatida qoidalarni buzish bilan bog‘liq holatlar ko‘p bo‘lganini ta’kidladi.

“Jon, men sening yutuqlaringni hech qanday tarzda kamsitmoqchi emasman. Ammo faoliyating davomida qoidalarni buzish bilan bog‘liq holatlar ko‘p bo‘lgan. Shunga qaramay, sen har safar o‘zingni aybdor emasdek ko‘rsatasan”, deb yozdi Maxachev.

Islom Maxachev ham, Jon Jons ham UFCda ikki vazn toifasida chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan. Maxachev ayni paytda yarim o‘rta vazn toifasida chempion hisoblanadi. U so‘nggi jangida Yan Machado Garrini mag‘lub etib, UFCdagi ketma-ket g‘alabalari sonini 17 taga yetkazdi va Anderson Silvaning rekordini yangiladi.

Jons esa 2024-yilda Stipe Miochichni mag‘lub etganidan so‘ng MMAdagi faoliyatini yakunlagan. Keyinchalik u og‘ir vazn toifasidagi chempionlik kamaridan voz kechgan edi.

Kiritildi: 19:00, 16.09.2026.
O'qildi: 898 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик