«Manchester Yunayted» afsonasi Ueyn Runi klubning yozgi transfer siyosatini tanqid qildi. Uning fikricha, mankunianliklar hujum chizig‘ini kuchaytirish o‘rniga yarim himoyaga ortiqcha e’tibor qaratgan.
«Menimcha, biz yarim himoyachilarni ortiqcha ko‘paytirib yubordik, holbuki boshqa pozisiyalarda kuchaytirishga ko‘proq ehtiyoj bor edi. Men buni xato deb hisoblayman», — dedi Runi Stick to United dasturida.
«Manchester Yunayted» joriy yozda Andrey Santos, Yuri Tilemans va Karlos Baleba transferlari uchun taxminan 150 million funt sarfladi. Klub bir yil avval esa Mateus Kunya, Benyamin Sheshko va Brayan Mbeumo uchun 200 million funtdan ortiq mablag‘ to‘lagan edi.
Runining fikricha, shunga qaramay, «MYU» hujum chizig‘idagi muammoni to‘liq hal qila olmagan va Maykl Kerrik ixtiyorida hali ham haqiqiy markaziy hujumchi — klassik «to‘qqizlik» yo‘q.
Sobiq futbolchi, shuningdek, jamoa tarkibida chuqurlik va to‘p bilan oldinga harakat qila oladigan futbolchilar yetishmayotganini ta’kidladi. U Amad Dialloning yo‘qligi jamoa uchun sezilarli yo‘qotish ekanini alohida qayd etdi.
«Tarkibning chuqurligi unchalik yaxshi emas», — dedi Runi.
U, shuningdek, Meyson Mauntdan kutilgan samara olinmayotganini ham tanqid qildi.













