«Chelsi» bosh murabbiyi Xabi Alonso klubdagi mulkdorlar o‘zgarishi haqida o‘z fikrini bildirdi.
London jamoasining hammuassislari Todd Bouli va Mark Uolter o‘z ulushlarini ilgari 60 foizdan ortiq ulushga egalik qilgan Clearlake kompaniyasiga sotishdi. Endi Clearlake uning asoschilari Behdad Egbali va Xose Felisiano timsolida klub ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga kiritdi. Bouli shuningdek, klub direktorlar kengashi raisi lavozimini tark etmoqda. Ta’kidlanishicha, joriy operasion faoliyatda, rahbariyat tarkibida va klub strategiyasda hech qanday o‘zgarishlar bo‘lmaydi.
Klub iyerarxiyasidagi o‘zgarishlar haqida
«O‘ylashimcha, bu klub uchun muhim kun, chunki klub tuzilmasida jiddiy o‘zgarishlar yuz bermoqda va yangi mulkdor paydo bo‘lmoqda.
Sobiq egalariga qilgan ishlari uchun tashakkur. Men bu yerda yo‘q edim, lekin ular muhim rol o‘ynaganini bilaman. Endi esa Behdad kattaroq yoki deyarli to‘liq nazoratni o‘z qo‘liga olganida, kim boshchi ekanligi aniq bo‘lgani yaxshi deb o‘ylayman.
Mening Behdad bilan juda yaxshi munosabatlarim bor. Aynan u Madridga kelib, menga klub loyihasini tushuntirib bergan va meni ishontirgan edi, biz birgalikda yaxshi ishlayapmiz. Men ta’kidlab o‘tganimdek, jamoa nuqtai nazaridan loyihaning birinchi bosqichini yakunladik. Bu yaxshi va endi biz birgalikda oldinga harakat qilamiz».
Jamoa asosiy sovrinlar uchun kurashga qaytishiga qanchalik aminligi haqida
«Aynan shuning uchun ham biz shu yerdamiz. Raqobat qanaqa ekanini, shuningdek, klubning ambisiyalari va salohiyatini, o‘yinchilar miqyosini, qayerda turganimizni bilgan holda ushbu pozisiyani egallash uchun ishlayapmiz. Qayerda bo‘lishni xohlashimizni bilamiz. Hamma narsa vaqt talab qilishini tushunamiz, ammo bunga erishish yo‘lidagi ambisiyalarimiz aniq-rashan», — dedi Alonso.













