Braziliya klublari va hududiy futbol federasiyalari mamlakatda bukmekerlik faoliyatini taqiqlash rejasiga qarshi chiqdi. Ular bu borada qo‘shma bayonot tayyorladi. Bu haqda UOL xabar bermoqda.
Ayni paytda Braziliya chempionatidagi 13 ta klubning bosh homiysi bukmekerlik kompaniyalari hisoblanadi.
Agar bukmekerlik faoliyati to‘xtatilsa, klublar homiylik shartnomalaridan taxminan 1 milliard real, ya’ni 170 million yevro miqdorida mablag‘dan mahrum bo‘lishi mumkin.
Rio-de-Janeyroda o‘tkazilgan uchrashuvda «Flamengo», «Vasko da Gama», «Fluminense» va «Botafogo» klublari va bukmekerlik kompaniyalari vakillari bu masalada bir fikrga keldi. Ular bukmekerlik bilan bog‘liq ijtimoiy muammolar borligini tan oldi.
Biroq faoliyatni butunlay taqiqlash o‘rniga, bukmekerlik sohasida nazoratni kuchaytirish va odamlarni himoya qilish choralarini ko‘rish kerakligini ta’kidladi.













