O‘tgan mavsumda hujumchi Markus Reshford «Barselona» safida ijara asosida to‘p surdi. Angliyalik futbolchi kataloniyaliklar tarkibida 49 ta o‘yinda 14 ta gol urdi va 15 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Gol va assistlar bo‘yicha ikki xonali ko‘rsatkich, shuningdek, 30 million yevro miqdoridagi nisbatan qulay xarid narxi «Barselona» Reshfordni jamoada olib qolishi mumkinligi haqidagi fikrlarni kuchaytirgan edi. El Nacional nashrining shanba kuni chop etilgan materialida ham shu haqda so‘z boradi.
Biroq kataloniyaliklar boshqacha qaror qabul qildi va Reshford «Barselona»da qolishni xohlaganiga qaramay, «Manchester Yunayted»ga qaytishga majbur bo‘ldi.
Mualliflar The Sun nashriga tayanib, Reshford bosh murabbiy Xans-Diter Flikdan jamoada qolishiga ruxsat berishini iltimos qilganini ta’kidlamoqda. Hujumchining nemis mutaxassisi bilan munosabatlari yaxshi bo‘lgan, ammo bu ham vaziyatni o‘zgartira olmagan.
Flik va Deku masalani muhokama qilib, «Barselona» uchun Reshforddan voz kechish ma’qul degan qarorga kelgan. Bunda futbolchining yuqori maoshi va yoshi ham inobatga olingan.
Yana bir muhim omil shu bo‘lganki, «Barselona» hujum chizig‘iga boshqa futbolchini olib kelish bo‘yicha deyarli kelishuvga erishgan edi. Gap Entoni Gordon haqida ketmoqda.
«Bu Dekuning shaxsiy tanlovi edi. U Reshfordni saqlab qolishga qaraganda, garchi qimmatroq bo‘lsa-da, ushbu transfer ancha qiziqarli variant ekaniga ishongan», — deyiladi materialda.
Manba Dekuning tanlovi hozircha o‘zini oqlayotganini ham ta’kidlaydi. Entoni Gordon «Barselona» safida hali gol urgani yo‘q, ammo oltita o‘yinda beshta golli uzatmani amalga oshirgan.













