AQSHning Los-Anjeles shahrida UFC 331 turniri bo‘lib o‘tdi. Turnirning asosiy jangida tashkilotning eng yengil vazn (57 kg) chempioni, myanmalik Joshua Van sobiq chempion braziliyalik Aleshandre Pantoja bilan revansh jangini o‘tkazdi.
Jang to‘liq besh raund davom etdi va unda Joshua Van hakamlarning bir ovozdan bergan qarori bilan g‘alaba qozondi.
Joshua Van 24 yoshda. Myanma vakili UFCdagi debyutini 2023-yilda o‘tkazgan va 2025-yilda chempionlik unvonini qo‘lga kiritgan. Uning UFCdagi rekordi 11 ta g‘alaba va 1 ta mag‘lubiyatdan iborat.
Aleksandr Pantoja esa 36 yoshda. Braziliyalik jangchi UFCdagi debyutini 2017-yilda o‘tkazgan. U 2023-yilda eng yengil vazn toifasida chempionlikni qo‘lga kiritgan va shundan so‘ng kamarini to‘rt marta himoya qilgan. Uning UFCdagi rekordi 14 ta g‘alaba va 5 ta mag‘lubiyatdan iborat.
Ushbu vazn toifasida o‘zbekistonlik MMA jangchisi Ramazon Temirov ham faoliyat yuritadi. U 24-oktyabr kuni BAAning Abu-Dabi shahridagi “Etihad Arena” majmuasida o‘tkaziladigan UFC 333 turnirida oktagonga ko‘tariladi.
Mazkur bahsda Temirovga angliyalik Louner Kavana raqiblik qiladi. Ahamiyatlisi shundaki, hozirda har ikki sportchi reytingda yonma-yon bormoqda: Kavana ushbu divizionda oltinchi, Temirov esa yettinchi pog‘onani band etib turibdi.
Turnirning asosiy jangidan oldingi bahsida yengil vazn reytingining 2-raqamli vakili Arman Sarukyan braziliyalik Maurisio Ruffiga qarshi oktagonga chiqdi. Jang Sarukyanning birinchi raunddagi nokauti bilan yakunlandi.













