«Barselona» hujumchisi Rafinya Dias nima uchun «Oltin to‘p» sovrini jamoadoshi Lamin Yamalga berilishi kerak, deb hisoblashini tushuntirdi.
Braziliyalik futbolchi avvalroq ham 19 yoshli vingerni dunyoning eng yaxshi futbolchisi deb hisoblashini va unga munosib raqobatchi ko‘rmayotganini aytgan edi.
«Yamal «Oltin to‘p»ni yutishi kerak — bunga hech qanday shubha yo‘q. Bu yerda individual ko‘rsatkichlar, jamoaviy sovrinlar, sehr, xarizma va yana ko‘plab omillar hisobga olinadi. Laminda bularning barchasi bor.
Uning statistikasi aqlbovar qilmas darajada va gap faqat o‘tgan mavsum haqida emas. U uchta sovrinni, jumladan, jahon chempionligini qo‘lga kiritdi. Yamal «Barselona» va Ispaniya terma jamoasining eng muhim futbolchilaridan biri.
Boshqalar o‘z nomzodlarini qo‘llab-quvvatlaydi, ammo men uchun tanlov oddiy. Hatto Yamal bilan bir jamoada o‘ynamaganimda ham, u «Oltin to‘p»ga munosib ekanini aytgan bo‘lardim. Maydonda qilayotgan ishlari, shaxsiy ko‘rsatkichlari va qo‘lga kiritgan sovrinlari uchun», — deya Rafinyaning so‘zlarini Barca Universal keltirdi.
«Oltin to‘p» sohibining nomi 26 oktyabr kuni Londonda bo‘lib o‘tadigan taqdirlash marosimida e’lon qilinadi.
Rafinyaning o‘zi esa sovrin uchun 30 nafar nomzod ro‘yxatiga kiritilmagan.













