«Portu» hujumchisi Samu Agexova og‘ir jarohatdan so‘ng 223 kun o‘tib maydonga qaytdi. Ispaniyalik futbolchi Portugaliya chempionati doirasida «Benfika»ga qarshi o‘tgan va 3:1 hisobida yakunlangan uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida maydonga tushdi.
22 yoshli futbolchi fevral oyida o‘ng tizzasining oldingi xochsimon bog‘lamini uzib olgan edi.
«223 kundan so‘ng men har doim bo‘lishni istagan joyimga qaytdim. Bu og‘ir yo‘lda meni qo‘llab-quvvatlagani uchun Xudoga shukr», — deb yozdi Agexova ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Futbolchi, shuningdek, oilasi, do‘stlari va «Portu» muxlislariga mehr va qo‘llab-quvvatlashi uchun minnatdorlik bildirdi.
«Portu» bosh murabbiyi Franchesko Farioli klub tibbiy shtabi ishini alohida e’tirof etdi.
«Samuning yana biz bilan ekani ko‘p narsani anglatadi», — dedi Farioli.
«Portu» milliy chempionatda 7 ta o‘yinning barchasida g‘alaba qozonib, turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda.













