Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi Zinedin Zidan dushanba, 21 sentyabr kuni Millatlar ligasining yangi kampaniyasi boshlanishi oldidan jamoa bilan ilk mashg‘ulotini o‘tkazdi, deb xabar beradi France 24.
Mashg‘ulotda 12 nafar futbolchi ishtirok etdi. Tiklanish xususiyatiga ega bo‘lgan mashg‘ulotni 50 ga yaqin jurnalist kuzatib bordi.
Mashg‘ulotda Zidanga «Real»da u bilan birga ishlagan yordamchisi David Bettoni hamda terma jamoadagi sobiq jamoadoshi, JCH-1998 va Yevro-2000 g‘olibi, hozirda Fransiya terma jamoasi darvozabonlari murabbiyi hisoblangan Fabyen Bartez qo‘shildi.
Mashg‘ulot qisqa o‘quv-mashq o‘yini bilan yakunlandi, shundan so‘ng Zidanning o‘zi tomonidan uzatib berilgan to‘plardan so‘ng darvozaga zarbalar berildi.
54 yoshli fransiyalik mutaxassis terma jamoani 2026 yil 1 avgustdan beri boshqarib kelmoqda. Uning shartnomasi 2030 yil 31 iyulgacha mo‘ljallangan.
Fransiya terma jamoasini Millatlar ligasida 4 ta o‘yin kutmoqda: 25 va 28 sentyabr kunlari Turkiya va Belgiyaga qarshi safar uchrashuvlari, so‘ngra 2 va 5 oktyabr kunlari «Stad de Frans»da Italiya va Belgiyaga qarshi uy o‘yinlari.













