Lionel Skaloni Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimida qolishi mumkin. Bu haqda jurnalist Fabrisio Romano Argentinaning Doble Amarilla nashriga tayanib, ijtimoiy tarmoqlarda xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, Argentina futbol assosiasiyasi Skaloniga ikki yilga mo‘ljallangan yangi shartnoma taklif qilgan. Shuningdek, kelishuvda hamkorlikni 2030 yilgi jahon chempionatiga qadar uzaytirish imkoniyati ham ko‘zda tutilishi mumkin. Endi Argentina terma jamoasidagi kelajagi borasida yakuniy qarorni Skalonining o‘zi qabul qilishi kerak.
48 yoshli mutaxassis Argentina terma jamoasini 2018 yildan buyon boshqarib kelmoqda. Uning qo‘l ostida janubiy amerikaliklar 2022 yilgi jahon chempionatida g‘olib chiqqan va ikki bor Amerika kubogini qo‘lga kiritgan.













