O‘zbekiston futzal milliy terma jamoasining Yevropa safari davomida bosh murabbiy Xose Mariya Mendes delegasiya tarkibida ko‘rinmagani muxlislarda savollar uyg‘otdi.
Ma’lum bo‘lishicha, ispaniyalik mutaxassisning jamoa bilan birga bo‘lmayotganiga uning salomatligi bilan bog‘liq muammo sabab bo‘lgan.
Xose Mariya Mendes O‘zbekiston Superkubogi doirasidagi tadbirlar vaqtida Toshkentga tashrif buyurgan. U Yevropa safari uchun jalb etiladigan futzalchilarni Jizzaxda o‘tkazilgan Oliy liganing 1-tur uchrashuvlarida bevosita kuzatib, tarkibni shakllantirish jarayonida ishtirok etishi kerak edi.
Biroq Superkubok uchrashuvidan so‘ng murabbiyning salomatligi bilan bog‘liq muammo yuzaga kelgan. Shu sababli u O‘zbekistonda dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan va keyinchalik chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvlardan o‘tish uchun muddatidan avval Ispaniyaga qaytgan.
Dastlabki kelishuvga ko‘ra, Mendes Ispaniyada zarur tibbiy tekshiruvlardan o‘tib, xulosalarni olgach, Budapeshtda milliy terma jamoa safiga qo‘shilishi kerak edi. Uni Budapeshtga olib borish uchun aviachipta ham oldindan xarid qilingan.
Rejaga ko‘ra, ispaniyalik mutaxassis Vengriya va Niderlandiya terma jamoalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida O‘zbekiston terma jamoasini boshqarishi lozim edi.
Biroq tibbiy tekshiruvlar jarayoni kutilganidan ko‘ra uzoqroq davom etgani bois Mendes Yevropa safarida jamoaga qo‘shila olmadi. Hozirda u Madrid shahrida davolanishni davom ettirmoqda.
O‘zbekiston futzal federasiyasi rahbariyati Xose Mariya Mendes bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi.
Mutaxassisning salomatligi bilan bog‘liq qo‘shimcha ma’lumotlar keyinroq taqdim etilishi aytilgan.













