"Manchester Yunayted" yillik moliyaviy hisobotini e’lon qildi. Unda Ruben Amorim va uning murabbiylar shtabi a’zolarini iste’foga chiqarish klubga 9,5 million yevroga tushgani ma’lum qilindi.
Amorim yanvar oyida "Manchester Yunayted" bosh murabbiyi lavozimidan ozod etilgan edi. Portugaliyalik mutaxassis klubda bir yildan sal ko‘proq ishladi.
Dastlab Amorimga to‘lanishi kerak bo‘lgan tovon puli 19,4 million yevro miqdorida belgilangan edi. Biroq uning shartnomasida, agar u boshqa klubdan ish topsa, kompensasiya miqdori kamayishi haqida band mavjud bo‘lgan.
Yozda Amorim "Milan" bosh murabbiyi etib tayinlandi va bu "qizil iblislar"ga ancha mablag‘ni tejab qolish imkonini berdi, deb xabar berdi "Goal".













