«Barselona» futbolchilarining dastxatlari ayrim muxlislar uchun daromad manbaiga aylandi.
The Touchline xabariga ko‘ra, odamlar o‘yinchining futbolkaga dastxat qo‘yib berishiga erishish uchun klub mashg‘ulot bazasiga maxsus kelishmoqda, shundan so‘ng ushbu libosni sotuvga qo‘yishmoqda. Bunda narxdagi farq juda katta bo‘lishi mumkin. Futbolchi dastxatidan so‘ng 15 yevro atrofida turadigan futbolka 300-400 yevroga sotilishi mumkin.
«Barselona» o‘yinchilari bunday amaliyot haqida allaqachon xabardor. Ularning ba’zilari imzo chekishdan oldin muxlisning ismini so‘rashni boshlashdi. Shaxsiy yozuv (ismga yo‘naltirilgan dastxat) keyinchalik qayta sotishda buyumning qiymatini pasaytiradi.
Hozirda «Barselona» La Ligada peshqadamlik qilmoqda. Eng so‘nggi turga kelib, jamoa ketma-ket yettita g‘alabani qo‘lga kiritib, 21 ochko to‘plagan.













