«Milan»ning sobiq hujumchisi Ernan Krespo jamoaning yangi forvardi Gonsalu Ramush haqida fikr bildirdi.
«Milan» portugaliyalik hujumchini yozgi transfer oynasida «PSJ»dan 75 million yevroga sotib olgan edi. Ramush hozirgacha yangi klubi safida 6 ta o‘yinda 1 ta gol urgan.
«Men hozir Meksikaning «Atlas» klubi murabbiyiman, «Milan» direktori emasman. Shuning uchun aniq javob berishim qiyin. Ammo Gonsalu Ramushni yaxshi bilaman. U yaxshi futbolchi va kuchli markaziy hujumchi. Ertami-kechmi gol ura boshlaydi.
Albatta, uning transferi uchun to‘langan mablag‘ni hisobga olsak, muxlislar yuqori natijadorlikka ega top-hujumchini kutishgan. Ammo Ramush hech qachon vaziyatlardan foydalanish borasida ideal futbolchi bo‘lmagan. Uning statistikasiga qarasangiz, ko‘p savollarga javob topasiz.
So‘nggi uch mavsumda u «PSJ» safida 131 ta o‘yinda 53 ta gol urgan. Demak, uning o‘rtacha natijadorligi juda yuqori emas — hatto har ikki o‘yinga bittadan gol ham to‘g‘ri kelmaydi.
Shu bilan birga, u jamoaga doimo foyda keltirgan. Ammo Luis Enrike qo‘l ostida Chempionlar ligasini ketma-ket ikki marta yutib olgan jamoada ham doimiy asosiy tarkib futbolchisi bo‘lmagan.
U yaxshi futbolchi, bunga qo‘shilaman. Ammo uni top darajadagi futbolchi deb atash qiyin», — dedi Krespo.













