Kirish Ro'yxatdan o'tish

Eldor Shomurodov: "O‘zbekiston futboli sezilarli darajada rivojlanmoqda"

Eldor Shomurodov: "O‘zbekiston futboli sezilarli darajada rivojlanmoqda"

Baho:
+ | -

O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov jurnalistlar bilan suhbatlashib, Eronga qarshi g‘alaba, yangi taktik sxema va Osiyo kubogiga tayyorgarlik haqida fikr bildirdi.

Shomurodovning aytishicha, Eron ustidan qozonilgan 3:1 hisobidagi g‘alaba jamoadagi kayfiyatni yanada ko‘targan.

"G‘alabadan keyin kayfiyat har doim yaxshi bo‘ladi. Stadionda ham ajoyib muhit yaratildi. Buning uchun muxlislarimizga katta rahmat. Hisob qanday bo‘lishidan qat’i nazar, eng muhimi — g‘alaba", — dedi terma jamoa sardori.

Fabio Kannavaro sinab ko‘rayotgan 4-3-3 taktik sxemasi haqida gapirar ekan, Shomurodov futbolchilar yangi tizimga moslashishda katta qiyinchilikka duch kelmaganini ta’kidladi.

"Albatta, ishlashimiz kerak bo‘lgan jihatlar bor. Lekin jamoada murabbiy ko‘rsatmalarini tez tushunadigan va uni maydonda bajara oladigan yuqori saviyali futbolchilar yetarli", — dedi u.

O‘zbekistonning Eronni o‘zaro uchrashuvlarda ketma-ket uchinchi bor mag‘lub etishiga ham sardor alohida to‘xtaldi. Uning fikricha, bu natijalar mamlakat futbolining umumiy o‘sishi bilan bog‘liq.

"So‘nggi yillarda O‘zbekiston futboli ancha rivojlandi. Yoshlar orasidan iqtidorli futbolchilar chiqib kelyapti. Bu, tabiiyki, milliy terma jamoaga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda", — dedi Shomurodov.

U tarkibga yangi jalb etilgan futbolchilarga ham ijobiy baho berdi.

"Ularni yaxshi kutib oldik. Mashg‘ulotlarda o‘zlarini ko‘rsatishyapti. O‘ylaymanki, o‘yinlarda ham imkoniyat olishadi. Murabbiy ularni shunchaki chaqirmagan — barchasi anchadan beri kuzatib kelingan iqtidorli futbolchilar", — dedi hujumchi.

Osiyo kubogiga uch oy qolgan bir paytda jamoaning yangi taktik tizimni o‘zlashtirishi uchun vaqt yetarlimi, degan savolga Shomurodov ideal jamoa qurish uchun vaqt doim kamligini ta’kidladi.

"Yaxshi jamoa shakllantirish uchun vaqt hech qachon ortiqcha bo‘lmaydi. Shunga qaramay, Osiyo kubogiga imkon qadar yuqori darajada tayyor holda borishga harakat qilamiz", — dedi u.

Avvalgi Osiyo kubogini o‘tkazib yuborgan Shomurodov bu safargi musobaqada qatnashish o‘zi uchun alohida ahamiyatga ega ekanini ham yashirmadi.

"Xudo xohlasa, musobaqaga sog‘-salomat yetib borsak, bor kuchimiz bilan harakat qilamiz", — dedi O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori.

Kiritildi: 10:25, 27.09.2026.
O'qildi: 920 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик