UEFA prezidenti Aleksander Cheferin FIFA rahbari Janni Infantinoni tanqid qildi.
Avvalroq FIFA UEFA va boshqa tashkilotlarning noroziligi ortidan jahon chempionatiga tegishli ayrim huquqlarni sotishni nazarda tutgan loyihadan voz kechgan edi.
«Bizning sport turimizga bo‘lgan ishonch uchta asosiy tamoyilga tayanadi: birlik, shaffoflik va ko‘pchilik manfaatiga xizmat qiladigan boshqaruv tizimi. So‘nggi vaqtlarda esa aynan shu tamoyillarni himoya qilishga va’da bergan ayrim insonlar ularga rioya qilmadi.
Jahon futbolini ikkiga bo‘lib qo‘ygan loyiha, ehtimol, hozircha to‘xtatilgandir. Ammo uning ortidan yo‘qolgan ishonch hali tiklangani yo‘q. Endi bizning umumiy vazifamiz — ana shu ishonchni qayta tiklash.
Italiya va butun Yevropa futbol oilasi, shuningdek, boshqa konfederasiyalardan bo‘lgan hamkorlarimiz bir maqsad yo‘lida birlashganidan xursandman. Futbolni himoya qilish kerak bo‘lgan paytlarda doimo shunday bo‘lgan.
Yana bir bor takrorlayman: futbol sotilmaydi», — dedi Cheferin.













