Irlandiya terma jamoasi va "Manchester Yunayted"ning sobiq futbolchisi Roy Kin murabbiylik faoliyatiga qaytish ehtimolini istisno qilmadi. So‘nggi paytlarda u "Seltik" bosh murabbiyi bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalmoqda.
Kin yaqinda "Seltik Park" stadionida "Seltik" va "Reyndjers" o‘rtasidagi o‘yinni tribunadan kuzatgan. Uchrashuv mezbonlarning mag‘lubiyati bilan yakunlangan.
Sky Sports efirida Mika Richards bilan suhbatda Kin ba’zan murabbiylikka qaytish haqida o‘ylab qolishini tan oldi.
"Ba’zan dam olish kunlari o‘yinlarni ko‘rib, ayrim jamoalarga qarab: "Bu yerga borib, yaxshi ishlay olardim", deb o‘ylayman.
Lekin bu fikrlar asosan dam olish kunlari keladi. Hafta ichida emas. Dushanba kuni ertalab mahalliy kafeda tuxum yeb, gazeta o‘qib o‘tirganimda va avtomagistrallarda yurib, doimiy bosim ostida ishlayotgan murabbiylar haqida o‘ylaganimda bunday istak unchalik kuchli bo‘lmaydi.
Ammo, ha, men bu haqda haqiqatan ham o‘ylayman. Ichimda hali ham nimadir bordek. Olov hali ham yonib turibdi", — dedi Kin.
Undan agar murabbiylik bo‘yicha taklif tushsa, qanday qaror qabul qilishi so‘ralganda, Kin qisqacha javob berdi:
"Kim biladi?"
Roy Kin avval "Sanderlend" va "Ipsvich" klublarida bosh murabbiy bo‘lib ishlagan. Keyinchalik Irlandiya terma jamoasi, "Aston Villa" va "Nottingem Forest"da murabbiy yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan.













