Italiya terma jamoasining afsonaviy sobiq darvozaboni Dino Dzoff Millatlar ligasi 1-turida Belgiyadan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin milliy jamoaning hozirgi holati haqida fikr bildirdi.
"O‘yin boshida Italiya juda tortinib harakat qildi. Birinchi bo‘lim biz uchun og‘ir o‘tdi. Tanaffusdan keyin jamoa kurasha boshladi, ammo uchrashuv avvalidagi bosim va taranglik meni hayratda qoldirdi", — dedi Dzoff Repubblica nashriga.
"Kamroq gapirish va ko‘proq ishlash kerak. Millatlar ligasidagi keyingi uchta o‘yin juda muhim bo‘ladi, chunki futbolchilar birga ko‘proq vaqt o‘tkazadi.
Biz yangi yo‘lni endi boshlayapmiz. Vaqt ko‘p emas, lekin menda hali ham ishonch bor", — deya qo‘shimcha qildi u.
Dzoff Roberto Manchinining yosh futbolchilarga ishonch bildirishi haqida ham fikr bildirdi. Belgiyaga qarshi o‘yinda Italiyaning asosiy tarkibidagi futbolchilarning o‘rtacha yoshi 23 ni tashkil etgan.
"Yaxshi futbolchi 16 yoshida ham o‘ynay oladi. Muammo yoshda emas. Menimcha, asosiy qiyinchilik hujumda.
Jamoa oldingi chiziqda qiynaldi. Ikkinchi bo‘limda yaxshiroq o‘ynay boshlagan bo‘lsak ham, gol ura olmadik", — dedi u.
Shu bilan birga, Dzoff Manchinining hozirgi vazifasi uning Italiya termasidagi birinchi davriga nisbatan ancha qiyin ekanini tan oldi.
"Biz juda og‘ir davrni boshdan kechiryapmiz. Lekin shuni ham tan olish kerakki, bundan yomoni bo‘lishi qiyin. Hozirgi vaziyatda biz endi faqat yaxshilanishimiz mumkin", — dedi Dzoff.
Italiya Millatlar ligasi 2-turida 28 sentyabr kuni Turkiyaga qarshi maydonga tushadi.













