Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi Zinedin Zidan jamoa sardori Kilian Mbappe yo‘qligida Usman Dembelening roli haqida gapirdi, shuningdek, futbolchidan «to‘qqizlik» pozisiyasida nimalar kutayotganini aytdi.
Bugun, 28 sentyabr kuni Fransiya terma jamoasi UYEFA Millatlar ligasi guruh bosqichi 2-turida Belgiyaga qarshi maydonga tushadi. Turkiyaga qarshi birinchi tur uchrashuvida (0:1) Mbappe tizzasidan jarohat olgandi.
— Kilian Mbappe yo‘qligida Usman Dembele sardor sifatida jamoaga nima bera oladi?
— U bu vazifani allaqachon bajarib kelyapti. Usman vise-sardor va hatto sardorlik bog‘ichi unda bo‘lmaganida ham shu rolni bajaradi. U yetakchi, yaxshi inson, doimo boshqalarning yonida. Uning tajribasidan foydalanish kerak. Men faqat sardorlardan emas, barcha futbolchilardan nimadir kutaman. Bu yaxshi muhitda yashayotgan jamoa. Bir haftadan beri birgamiz va ularga birga bo‘lish yoqayotganini ko‘ryapman. Bu Fransiya terma jamoasi, oldimizda ajoyib o‘yinlar bor. Futbolda vaqt juda tez o‘tadi. Men 54 yoshdaman, bu yerdaman, ammo endi o‘ynay olmayman. Shuning uchun ularga: «Bu lahzalardan zavqlaning, chunki ular juda tez o‘tib ketadi», deyman. Fransiya terma jamoasi shunchalik ajoyibki, futbolchilarning bu lahzalarni his qilib yashashlarini xohlayman.
— Dembeledan «to‘qqizlik» pozisiyasida nimalar kutyapsiz?
— Birinchi o‘yinda qilgan ishlarini. Bu safar uchrashuv boshqacha kechadi, ammo men hech qanday yangilik o‘ylab topganim yo‘q. Eng qizig‘i, u juda katta hajmda ish bajaradi. Ulkan energiya sarflaydi va 90 daqiqa bemalol o‘ynay oladi.
— Klubda uning jismoniy holati juda qattiq nazorat qilinadi...
— Biz ham bu masala bilan shug‘ullanyapmiz, futbolchining o‘zi bilan ham gaplashyapmiz. Uning holati yaxshi va bu yerda bo‘lishdan xursand. Hatto to‘rtta o‘yinning barchasida ham maydonga tushishi mumkin edi, ammo biz bunday qilmaymiz, — dedi Zidan kulib. — Hozir men maxfiy ma’lumotni oshkor qilib qo‘ydim, — deya hazil qildi murabbiy.
Zidanning so‘zlarini L’Équipe nashri keltirdi.













