«Yuventus» 2026 yil 30 iyunda yakunlangan moliyaviy yil uchun hisobotni tasdiqladi. Klub zarari 66 million yevroni tashkil etdi. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 58,1 million yevro edi, deb yozadi Football Italia.
«Keksa sinyora»ning tushumi 54,9 million yevroga kamaydi. Bunga asosiy sabablar transferlardan olinadigan daromadning 51,9 million yevroga va teletranslyasiyalardan tushumning 31,9 million yevroga qisqarishi bo‘ldi. Shu bilan birga, «Yuventus» operasion xarajatlarni 42,1 million yevroga qisqartirdi, homiylik va reklama shartnomalaridan tushum esa 20,3 million yevroga oshib, qariyb 126 million yevroga yetdi.
Klubning sof moliyaviy qarzi 331,1 million yevroga yetdi. «Yuventus» 2026/27 mavsumida Chempionlar ligasi o‘rniga Yevropa ligasida ishtirok etishi sababli yangi zararlar yuzaga kelishini kutmoqda.
Shu bilan birga, «Yuventus» chiptalar savdosi, stadion bo‘ylab ekskursiyalar va muzey faoliyatidan rekord darajada daromad olganini ma’lum qildi. «Alyans Stedium»ning o‘rtacha to‘ldirilishi 97,6 foizni tashkil etdi.













