O‘zbekistonlik FIFA referisi Ilgiz Tantashev Jahon chempionatidagi faoliyatini qanday baholaydi. Hakam “Daryo” muxbiri bilan suhbatda ushbu savolga javob berdi.
Tantashev Jahon chempionatida ishtirok etish uchun 20 yil davomida mehnat qilganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mundialda ilk uchrashuvni boshqarish vaqtida o‘ziga musobaqadan zavq olish kerakligini aytgan.
“Avvalo, Jahon chempionatiga chiqish uchun qiyin va katta yo‘lni bosib o‘tdim. Nafaqat hakamlar, balki futbolchilar va murabbiylar uchun ham Jahon chempionatida qatnashish katta orzu. Men ham shu orzuga erishish uchun 20 yil davomida mehnat qildim. Tabiiyki, JCHdagi ilk o‘yinimni boshqarayotganimda o‘zimga-o‘zim: ‘Mana shuncha yil, shuncha yo‘lni bosib o‘tding. Hozir esa Jahon chempionatidasan. Endi mana shu katta turnirda ishtirok etayotganingdan zavq ol’, deb aytdim. Shu fikr bilan maydonga chiqdim. Haqiqatan ham mundial umuman boshqa turnir ekan. Biz klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati, Olimpiada va Elit Osiyo Chempionlar Ligasi kabi yirik musobaqalarda uchrashuvlarni boshqarganmiz. Lekin Jahon chempionati mutlaqo boshqa daraja”, deydi Tantashev.
FIFA referisi mundialga bo‘lgan e’tibor va bosim juda yuqori ekanini qayd etdi:
“Bu musobaqaga e’tibor juda katta. Butun dunyoning diqqat-e’tibori mundialga qaratiladi. Uni nafaqat erkaklar va ayollar, balki bolalar ham tomosha qiladi. Tabiiyki, bu hakamga katta bosim yuklaydi. Chunki butun xalqingiz sizni kuzatib turadi. Siz nafaqat o‘zingiz, balki vatandoshlaringiz va mamlakatingiz nomidan ham ishtirok etasiz. Bu katta mas’uliyat”.
Tantashevning fikricha, bunday mas’uliyatni oqlash uchun hakam har bir uchrashuvga maksimal darajada tayyorlanishi kerak.
“Bu mas’uliyatni oqlash uchun har doim yaxshi sport formasida bo‘lishingiz va har bir uchrashuvga maksimal darajada tayyorlanishingiz kerak. Har bir vaziyatda to‘g‘ri pozisiya tanlab, bor kuchingizni berishingiz lozim. Chunki o‘yindan keyin ‘Nega aynan shu davlat hakami uchrashuvni boshqardi’ degan savollar paydo bo‘lmasligi kerak. Shuning uchun biz har bir uchrashuvda bor kuchimiz bilan ishlashga harakat qildik”, deydi referi.
Tantashev Paragvay va Fransiya o‘rtasidagi uchrashuvda ayrim xatolarga yo‘l qo‘yilganini ham tan oldi. Biroq uning ta’kidlashicha, mazkur xatolar uchrashuv natijasiga ta’sir ko‘rsatmagan.
“Siz aytgan Paragvay va Fransiya uchrashuviga kelsak, bu borada OAVga ham fikrimni bildirganman. Haqiqatan ham o‘yinda ayrim xatolar bo‘lgan. Xususan, sariq kartochka bilan bog‘liq vaziyatlarda xatolarga yo‘l qo‘yganmiz. Biroq bu xatolar uchrashuv natijasiga ta’sir ko‘rsatmagan va FIFA tomonidan ham bu borada hech qanday e’tiroz bildirilmagan. Kimdir bu xatolar o‘yin tizimini izdan chiqargan, deb o‘ylashi mumkin. Aslida esa bunday bo‘lmagan. Uchrashuv davomida birorta ham qizil kartochka ko‘rsatilmadi, hech bir futbolchi jarohat olmadi. Men uchun eng muhimi ham shu”.
Tantashev Jahon chempionatida uchta uchrashuvni boshqarganini o‘zi uchun muhim natija sifatida baholadi.
“O‘yinning natijasiga yoki borishiga ta’sir qiladigan jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ymadik. Bu biz uchun asosiy yutuqlardan biri. O‘ylaymanki, Jahon chempionatida uchta uchrashuvni boshqarish biz uchun katta natija. Bundan faxrlanamiz. Endi esa oldinga qarab ishlashda davom etamiz”, deya ta’kidladi o‘zbekistonlik bosh hakam.













