«Yuventus» yarim himoyachisi Tyon Kopmeyners faoliyatini Angliya Premyer-ligasida davom ettirishi mumkin. Bu haqda insayder Ekrem Konur ijtimoiy tarmoqlarda xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, 28 yoshli niderlandiyalik futbolchini «Everton» o‘z safiga qo‘shib olishga qiziqish bildirmoqda. «Irislar» rahbariyati Kopmeynersni yanvar oyidagi transferlar oynasida sotib olishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, futbolchiga «Nyukasl» va Istanbulning «Galatasaroy» klublari ham qiziqish bildirmoqda.
Kopmeyners yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgani sababli «Yuventus»ni tark etishi mumkin.
Yarim himoyachining bozor qiymati 14 million yevroga baholanmoqda. Uning Turin klubi bilan shartnomasi 2029 yil iyun oyi oxiriga qadar amal qiladi.
Joriy mavsum A Seriyasida Kopmeyners beshta uchrashuvda maydonga tushib, bitta gol urdi va bitta golli uzatmani amalga oshirdi.













