«Bornmut» yarim himoyachisi Aleks Skott Ispaniyaning eng yirik klublaridan biri qiziqish doirasiga tushdi. Bu haqda insayder Migel Serrano xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, Madridning «Real» klubi 23 yoshli angliyalik futbolchini o‘z safiga qo‘shib olishni istamoqda. Skottning transfer qiymati 50 million yevroga baholanmoqda. Uning «Bornmut» bilan amaldagi shartnomasi 2028 yil iyun oyi oxiriga qadar mo‘ljallangan.
Avvalroq OAVda Skottga «Chelsi», «Manchester Yunayted», «Liverpul» va «Arsenal» klublari ham qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Joriy mavsum Angliya Premyer-ligasida Aleks Skott beshta uchrashuvda maydonga tushib, bitta gol urdi va bitta sariq kartochka oldi.













