Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi Lionel Skaloni Lionel Messisiz jamoa o‘yini qanday qurilishini tushuntirdi.
39 yoshli hujumchi xalqaro faoliyatini yakunlashini e’lon qildi. 6 oktyabr kuni uning terma jamoa safidagi xayrlashuv uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Skaloni esa o‘z lavozimida qolishga qaror qildi va Argentina terma jamoasi bilan shartnomasini 2030 yilga qadar uzaytirdi.
«Gap faqat Messining maydonda nima qilayotgani haqida emas, balki uning maydon tashqarisidagi roli haqida ham ketmoqda. Unda men boshqa hech kimda ko‘rmagan fazilatlar bor. Uni almashtirish qanchalik qiyin bo‘lishini tasavvur qilishingiz mumkin. Ammo jamoamizda yetakchilik xususiyatiga ega futbolchilar, yaxshi insonlar bor. Eng muhimi ham shu.
Men hamma qo‘rqadigan qattiqqo‘l insonlarni izlamayapman. Bizga yaxshi va ijobiy odamlar kerak. Birgalikda Leo ketganidan keyin yo‘qotadigan jihatlarimizni qoplashga harakat qilamiz. Bu oson bo‘lmaydi, ammo jamoamiz doimo qiyin sinovlarni qabul qilib kelgan.
Albatta, Messisiz hamma narsa boshqacha bo‘ladi, ammo biz yechim topamiz. Leosiz ham yaxshi o‘yinlar o‘tkazganmiz. Bizning futbolimiz — to‘pga egalik qilish va o‘yinni nazorat qilishga asoslangan. O‘yin uslubimiz o‘zgarmaydi, jamoaning o‘ziga xosligi ham saqlanib qoladi», — deya Skalonining so‘zlarini All About Argentina keltirdi.
Lionel Messi Argentina terma jamoasi safida 2005 yildan buyon to‘p tepib kelgan.













