«Bavariya» Maykl Olise bilan shartnomani uzaytirish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga tayyor.
Tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar Xarri Keyn bilan shartnomani uzaytirish jarayoniga qaraganda murakkabroq kechishi kutilmoqda. Myunxenliklar Olisega to‘lanadigan yillik maoshni 14 million yevrodan 25 million yevrogacha oshirishni rejalashtirmoqda.
AS nashri Sport Bild manbasiga tayanib xabar berishicha, Olisening asosiy talabi shartnomaga tovon puli (shartnomani muddatidan oldin bekor qilish imkonini beruvchi summa) bandini kiritishdan iborat. Taxminlarga ko‘ra, 200 million yevro miqdoridagi tovon puli yetarli bo‘lishi mumkin.
Ayni paytda 24 yoshli Olisining «Bavariya» bilan shartnomasida bunday band mavjud emas. Amaldagi kelishuv 2029 yilning o‘rtalariga qadar mo‘ljallangan.













