Lissabonning «Sporting» klubida o‘ynaydigan o‘ng qanot himoyachisi Ivan Fresneda yana «Barselona»ning e’tiboriga tushdi.
22 yoshli futbolchi kataloniyalik grandning ehtimoliy transfer maqsadlaridan biri hisoblanadi. Barca Universal Sport nashriga tayanib xabar berishicha, «Barselona» 2023 yil yozida, Fresneda «Valyadolid»da o‘ynagan paytda ham unga qiziqish bildirgan. Ammo o‘sha vaqtda futbolchini «Sporting» o‘z safiga qo‘shib olgan.
Yaqinda Ivan Fresneda ilk bor Ispaniya terma jamoasiga chaqirildi — u jarohat olgan Pedro Porroni tarkibda almashtirdi. Hozircha futbolchining milliy terma jamoadagi debyuti amalga oshmagan.
Transfermarkt Madridda tug‘ilgan va «Real» akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Fresnedaning transfer qiymatini 20 million yevro deb baholamoqda.













