«Yuventus» yarim himoyachisi Tyon Kopmeyners yaqin transfer oynasida jamoani tark etishi mumkin. Bu haqda La Gazzetta dello Sport xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, Italiya klubida niderlandiyalik futbolchining o‘yinidan ko‘ngil qolgan. U «Yuventus»ga kelganidan buyon o‘zini to‘liq namoyon qila olmagan. Ta’kidlanishicha, turinliklar Kopmeyners sotuvidan kamida 25 million yevro ishlab olishni rejalashtirmoqda.
Yozda futbolchini xarid qilishga faqat «Beshiktosh» harakat qilgan, ammo turk klubi yarim himoyachini Turkiyaga ko‘chib o‘tishga ko‘ndira olmagan. Shu sababli «Yuventus» qishki transfer oynasida uni ijaraga berish variantlarini ham ko‘rib chiqishi mumkin.
Kopmeynersga «Galatasaroy», «Monako», «Everton» va «Nyukasl» klublari qiziqish bildirmoqda. Shuningdek, Saudiya Arabistonining bir necha jamoasi ham futbolchini kuzatib bormoqda.
Joriy mavsumda Kopmeyners barcha musobaqalar doirasida oltita o‘yinda maydonga tushib, bitta gol urdi va bitta golli uzatmani amalga oshirdi.













