«Real» hujumchisi Kilian Mbappe chorshanba kuni kechqurun Parijdagi tungi klublardan birida sevgilisi, aktrisa Ester Eksposito bilan birga ko‘rinish berdi.
RMC Sport xabariga ko‘ra, bu voqea Ispaniyada va ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamaga sabab bo‘lgan. Avvalroq futbolchi Millatlar ligasida Turkiyaga qarshi o‘tgan va 0:1 hisobida yakunlangan uchrashuvda olgan jarohati tufayli Fransiya terma jamoasi qarorgohini tark etishga majbur bo‘lgan edi.
O‘tgan mavsum oxirida, jarohatdan tiklanish davrida Eksposito bilan Sardiniyaga qilgan safari uchun tanqidlarga uchragan «Real» hujumchisi yana e’tibor markazida qoldi. Bu safar bunga uning ispaniyalik sevgilisi bilan Parijdagi Boum Boum tungi klubiga borgani sabab bo‘ldi.
«Real» Mbappening qancha muddat maydonga tusha olmasligi haqida rasmiy ma’lumot bermagan bo‘lsa-da, Ispaniya matbuoti uning tiklanishi 10 kundan ikki haftagacha davom etishi mumkinligini yozmoqda.
Shu bilan birga, 27 yoshli hujumchining xatti-harakatlari savollar tug‘dirmoqda. El Chiringuito dasturi ma’lumotiga ko‘ra, Mbappe tiklanish jarayonini davom ettirish uchun «so‘nggi ikki kun davomida Valdebebasdagi bazaga kelmagan».
«Bu jumboq. U Fransiyadan jarohat bilan qaytdi, ammo o‘zi to‘p tepadigan shaharda davolanmayapti», — dedi studiyada ishtirok etgan ispaniyalik jurnalist Markos Benito.













