«Aston Villa»ning ispaniyalik bosh murabbiyi Unai Emeri La Ligada «Real» va «Barselona» bilan qolgan klublar o‘rtasidagi farq tobora ortib borayotgani haqida fikr bildirdi.
«Farq oshib bormoqda, chunki moliyaviy feyr-pley tizimining o‘zi bunga imkon beradi. «Real» va «Barselona» milliardlab daromad olishga qodir. Ammo «Atletiko»da 500–600 million, qolgan klublarda esa 150, 100 million yoki undan ham kam bo‘lsa... Farq juda katta», — deya Emerining so‘zlarini Diario de Sevilla nashri keltirdi.
Yetti turdan so‘ng «Barselona» 21 ochko bilan Ispaniya La Ligasi turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. «Real» esa 15 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinda bormoqda.
Qayd etish joiz, so‘nggi 20 yil ichida Ispaniya chempionligi faqat ikki marta «Real» yoki «Barselona»ga nasib etmagan. Har ikki holatda ham chempionlikni «Atletiko» qo‘lga kiritgan.













