«Manchester Yunayted»ning sobiq yarim himoyachisi Fred Erik ten Xagni tanqid qilib, uning jamoadagi faoliyati haqida gapirdi.
«Taktik jihatdan ten Xag ajoyib murabbiy edi, men birga ishlagan eng yaxshi mutaxassislardan biri. Ammo jamoani boshqarish borasida u haqiqiy falokat edi. U hamma bilan janjallashardi: men bilan ham, Krishtianu, Kazemiro va Reshford bilan ham», — dedi Fred Charla podkastida.
«U meni o‘yinlarda maydonga tushirmasdi va ba’zida jamoadagi muhit juda tarang bo‘lardi. Ten Xag davrida niderlandiyalik futbolchilar ko‘proq o‘yin vaqtiga ega bo‘lardi. U jamoa ichida alohida guruhlar paydo qiladigan murabbiy edi».
Fred, shuningdek, murabbiyning Krishtianu Ronaldu bilan mojarosi haqida ham gapirdi:
«U jamoaning tezkor futbol o‘ynashini xohlardi, ammo Krishtianu yoshi o‘tib borayotgan edi. Shu sabab ten Xag uni asosiy tarkibdan chiqardi va ular o‘rtasida mojaro kelib chiqdi».
Erik ten Xag 2022 yil aprelidan 2024 yil 28 oktyabrga qadar «Manchester Yunayted» bosh murabbiyi sifatida ishladi. U shu davr mobaynida klub bilan ikkita sovrin — Angliya Liga kubogi va Angliya kubogini qo‘lga kiritdi. Ten Xagning ilk mavsumida «Manchester Yunayted» Angliya Premyer-ligasini uchinchi o‘rinda yakunlagan edi.













