Toshkentda o‘tkazilayotgan «Mirabror Usmonov Cup» xalqaro turnirining ikkinchi turi yakunlandi.
Tur doirasidagi har ikki uchrashuvning asosiy vaqti durang bilan tugadi. Musobaqa reglamentiga ko‘ra, bunday holatda g‘olib penaltilar seriyasi orqali aniqlanadi.
Dastlab Rossiya U-19 va Armaniston U-20 terma jamoalari o‘zaro bahs olib bordi. Uchrashuvning asosiy vaqtida hisob ochilmadi — 0:0. Penaltilar seriyasida esa Armaniston futbolchilari 5:3 hisobida ustun keldi.
Ikkinchi uchrashuvda O‘zbekiston U-20 terma jamoasi Saudiya Arabistoni U-20 bilan kuch sinashdi. Asosiy vaqt 2:2 hisobida yakunlandi. Penaltilar seriyasida o‘zbekistonlik futbolchilar 4:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Shu tariqa, ikkinchi turdan so‘ng O‘zbekiston U-20 terma jamoasi turnir jadvalida peshqadamlikni qo‘lga oldi.
Musobaqaning hal qiluvchi uchrashuvi 6 oktyabr kuni soat 17:00 da «Paxtakor» stadionida o‘tkaziladi. Bahsga kirish bepul.














