Millatlar ligasi «A» ligasi guruh bosqichi 4-turidan o‘rin olgan Fransiya va Belgiya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv yakunlandi.
Sen-Denidagi «Stad de Frans» stadionida o‘tgan bahsda maydon egalari 4:1 hisobida ishonchli g‘alaba qozondi. Uchrashuvni shotlandiyalik hakam Nik Uolsh boshqardi.
Hisob 35-daqiqada ochildi. Belgiya terma jamoasi yarim himoyachisi Dodi Lukebakio mehmonlarni oldinga olib chiqdi.
Fransiya javob golini faqat 77-daqiqada urishga muvaffaq bo‘ldi — Dezire Due hisobni tenglashtirdi. Oradan to‘rt daqiqa o‘tib, Rayan Sherki mezbonlarni oldinga olib chiqdi.
88-daqiqada Maykl Olise Fransiyaning uchinchi golini urdi. 90+1-daqiqada esa u yana bir bor Belgiya darvozasini ishg‘ol qilib, dubl qayd etdi va yakuniy hisobni o‘rnatdi — 4:1.
To‘rtta o‘yindan keyin Fransiya terma jamoasi 10 ochko jamg‘arib, 1-guruh turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. Belgiya esa 6 ochko bilan uchinchi o‘rinda bormoqda.
Millatlar ligasining amaldagi g‘olibi Portugaliya terma jamoasi hisoblanadi. Portugallar o‘tgan mavsum finalida Ispaniyani asosiy va qo‘shimcha vaqtdagi 2:2 hisobidan so‘ng penaltilar seriyasida 5:3 hisobida mag‘lub etgan. Portugaliya Millatlar ligasida ikki marta g‘olib chiqqan.













