Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) 2036 yilgi yozgi Olimpiada o‘yinlarini qabul qilish uchun da’vogarlik qilayotgan mamlakatlar ro‘yxatini e’lon qildi. Tashkilot rasmiy saytidagi xabarga ko‘ra, hozircha Germaniya, Vengriya, Hindiston, Qatar, Janubiy Koreya, JAR va Turkiya ushbu nufuzli turnirga mezbonlik qilishga qiziqish bildirgan. Da’vogar davlatlar o‘z rasmiy arizalarini joriy yilning 31 oktyabriga qadar topshirishlari mumkin.
Noyabr oyida barcha nomzodlar musobaqa mezbonini aniqlash bo‘yicha komissiyaga o‘z loyihalarini onlayn tarzda taqdim etadi. Shundan so‘ng, XOQ 2027 yilning martiga qadar bu loyihalarni amalga oshirish qanchalik real ekanini baholab chiqadi va mart oyida tashkilot ijroiya qo‘mitasi “strategik muloqot” bosqichini boshlaydi. Ushbu bosqich doirasida komissiya a’zolari taklif etilayotgan hududlarga shaxsan tashrif buyuradi va ijroiya qo‘mitasi uchun maxsus hisobot tayyorlaydi.
2028 yilning dekabrida esa ijroiya qo‘mitasi eng munosib deb topilgan nomzodlar ro‘yxatini shakllantirib, ular bilan “maqsadli muloqot” bosqichiga start beradi. 2036 yilgi Olimpiada o‘yinlarining yakuniy mezboni 2029 yilning o‘rtalarida o‘tkaziladigan XOQ sessiyasida tashkilot a’zolari tomonidan aniqlanadi.
Shuningdek, XOQ bayonotida qayd etilishicha, yana qator mamlakatlarning Milliy olimpiya qo‘mitalari 2036 yildan keyingi musobaqalarni qabul qilish masalasida tashkilot bilan hozirdan dastlabki norasmiy muzokaralarni olib bormoqda.













