Angliya terma jamoasi sardori va hujumchisi Xarri Keyn Millatlar ligasi guruh bosqichi 4-turida Chexiya ustidan qozonilgan g‘alaba haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
6 oktyabr kuni Londonda bo‘lib o‘tgan uchrashuv angliyaliklarning 3:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. 33 yoshli Keyn dubl qayd etdi va terma jamoalar tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxatida yakka holda yettinchi o‘ringa ko‘tarildi.
«Bu shaxsan men va butun jamoa uchun ideal kecha bo‘ldi. Ushbu yig‘in og‘ir va uzoq davom etdi, qiyin o‘yinlar ham bo‘ldi. Shuning uchun uni bu yerda, «Uembli»da, barchamiz birgalikda yaxshi natija bilan yakunlaganimiz juda yoqimli.
Siz yana bir bor ajoyib futbolni ko‘rdingiz: qanday harakatlanishimiz, bir teginishda o‘ynashimiz. Elliot Andersonning Morgan Rojersga uzatmasi va keyingi bir teginishdagi qanotdan uzatma — bundan yaxshisi bo‘lmaydi. Hujumchi sifatida bunday vaziyatlarni ko‘rib, faqat gol urish imkoniyatini intiqlik bilan kutib turasiz», — deya Keynning so‘zlarini UYEFA matbuot xizmati keltirdi.
Futbolchi, shuningdek, Angliya terma jamoasidagi raqobat haqida ham fikr bildirdi.
«Har bir pozisiya uchun raqobat doimo bo‘ladi. Terma jamoada ekaningizda, berilgan imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanish muhim. Qancha vaqt maydonda bo‘lishingizdan qat’i nazar — 90 daqiqami yoki besh daqiqami — bor kuchingizni berishingiz kerak.
Bu tarkibdagi har bir futbolchida ko‘rinib turibdi. Hamma jamoaning bir qismi bo‘lishni, tarkibdan joy olishni xohlaydi. Bu esa bizni faqat yanada kuchli qiladi», — deya qo‘shimcha qildi u.
Angliya 9 ochko bilan A ligasi 3-guruhida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Terma jamoalar Millatlar ligasidagi navbatdagi uchrashuvlarini noyabr oyida o‘tkazadi.













