«Komo» prezidenti Mirvan Suvarso jamoa bosh murabbiyi Sesk Fabregas shartnomasida «Barselona», «Arsenal» yoki «Chelsi»dan taklif tushgan taqdirda klubni tark etish imkonini beruvchi maxsus band borligi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ispaniyalik murabbiyga bunday band kerak emas, chunki klub har qanday holatda ham uni ushlab qolmaydi.
«U xohlagan joyiga ketishi uchun shartnomasida maxsus band bo‘lishi shart emas. Bunday biznesda Sesk, avvalo, do‘st. U xohlagan payti va xohlagan joyiga ketishi mumkin. Agar ertaga u menga qo‘ng‘iroq qilib: “Men ertaga Leverkuzenga ketmoqchiman”, desa, men: “Agar shuni xohlasang, ket”, deb javob beraman. Menga tovon puli kerak emas», — dedi Suvarso.
Avvalroq Fabregasning 2028 yil iyunigacha amal qiladigan «Komo» bilan shartnomasida «Barselona», «Arsenal» va «Chelsi» uchun maxsus band borligi xabar qilingan edi. Fabregas futbolchilik faoliyati davrida ushbu uch klubda ham to‘p tepgan.
Fabregas Italiyadagi faoliyatidan mamnun va o‘tgan yozda bir nechta taklifni rad etgan. Ularning hech biri yuqoridagi uch klubdan bo‘lmagan.













