APLning bir qator klublari apellyasiyasi qanoatlantirilmagan taqdirda, «Manchester Siti» nafaqat avvalgi moliyaviy qoidabuzarliklari uchun jazolanishi, balki kelajakda ham amal qiladigan sanksiyalarga duch kelishi kerak, deb hisoblamoqda.
Kamida to‘rtta klub vakillari ochkolarni olib tashlashning o‘zi, hatto bu jamoaning Chempionshipga tushib ketishiga olib kelsa ham, yetarli bo‘lmasligini ta’kidlamoqda. Chunki «shaharliklar» Premyer-ligaga tezda qaytishi mumkin. Shu sababli bir necha mavsumga mo‘ljallangan jarimalar va bir nechta transfer oynasi davomida yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishni taqiqlash kabi choralar muhokama qilinmoqda.
Shuningdek, klub rahbarlaridan biri qoidabuzarliklar sodir etilgan davrda qo‘lga kiritilgan sovrinlardan «Manchester Siti»ni mahrum qilishni taklif qildi. Bunda sovrinlar boshqa jamoalarga berilmasdan, bo‘sh qoldirilishi kerak.
Avvalroq APL «Manchester Siti»ni 2009 yildan 2018 yilgacha bo‘lgan davrda moliyaviy qoidalarni buzish bo‘yicha barcha ayblovlar asosida aybdor deb topgan edi. Klub esa bu qaror ustidan apellyasiya bergan.













