«Manchester Yunayted» hujumchisi Jey-Jey Gabriel 6 oktyabr kuni 16 yoshga to‘ldi. U yiliga kamida 1 million yevro maosh talab qilmoqda. Diario Sport nashrining xabar berishicha, bu uni o‘z safiga qo‘shib olish uchun kurashayotgan Yevropaning top-klublari uchun asosiy to‘siq bo‘lmoqda.
16 yoshga to‘lganidan so‘ng Gabriel Yevropaning istalgan klubi bilan professional shartnoma imzolash huquqiga ega bo‘ldi. «Barselona», «Real», «Bavariya» va «PSJ» futbolchi bilan bog‘liq vaziyatni kuzatishda davom etmoqda, biroq uning atrofidagilar tomonidan qo‘yilayotgan moliyaviy talablar da’vogarlar doirasini sezilarli darajada qisqartirmoqda.
Avvalroq «Bavariya» Gabrielning vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgani xabar qilingan edi. Jamoa bosh murabbiyi Vensan Kompani futbolchiga shaxsan qiziqish bildirmoqda. Myunxenliklar uni asosiy tarkibga tez kirish imkoniyati bilan jalb qilishga umid qilmoqda. Biroq klub futbolchi so‘rayotgan moliyaviy shartlarga rozi bo‘lishga tayyor emas.
Yiliga 1 million yevrodan boshlanadigan maosh talabi Dortmundning «Borussiya»si va Leverkuzenning «Bayer» klublarini ham muzokaralardan chetlatgan. Har ikki klub ham aynan yuqori moliyaviy talablar tufayli o‘z pozisiyalarini boy bergan.
«Barselona» va «Real» esa Gabrielga qiziqish bildirishda davom etmoqda. Futbolchining oilasi hozircha yakuniy qaror qabul qilmagan va tanlovga shoshilmayapti.
Futbolchining o‘zi hanuz «Manchester Yunayted» ro‘yxatida qolmoqda. Avvalroq Gabriel va uning oilasi asosiy jamoadagi roli borasidagi kelishmovchiliklardan keyin klubdan uni qo‘yib yuborishni rasman so‘ragan edi.
Agar Gabriel boshqa klub bilan shartnoma imzolasa, «Manchester Yunayted» sudga murojaat qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.













