«Barselona» Ispaniya terma jamoasi himoyachisi, ayni paytda «Tottenxem» sharafini himoya qilayotgan Pedro Porroni o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
El Nacional nashrining xabar berishicha, 27 yoshli futbolchi London klubining mavsumni muvaffaqiyatsiz boshlaganidan norozi va jamoani tark etish haqida o‘ylamoqda. Ayni paytda «Tottenxem» Angliya Premyer-ligasi turnir jadvalida so‘nggi o‘rinni egallab turibdi.
«Barselona» esa ushbu vaziyatdan foydalanib, ispaniyalik himoyachini o‘z safiga qo‘shib olishni rejalashtirmoqda. Porro kataloniyaliklar tarkibida Lamin Yamal bilan o‘ng qanotda kuchli hamkorlikni shakllantirishi mumkin. Har ikki futbolchi Ispaniya milliy terma jamoasida birgalikda harakat qilib kelmoqda.
Manbaga ko‘ra, Porroning o‘yin uslubi «Barselona» rahbariyati va bosh murabbiyi tomonidan yuqori baholanmoqda.
«Pedro Porro Joan Laporta va Dekuga juda yoqadigan futbolchi. Shuningdek, bosh murabbiy Xans-Diter Flik ham uni yuqori baholaydi. Ayniqsa, mutaxassis Porroning Lamin Yamal bilan maydondagi ajoyib o‘zaro tushunishini alohida e’tirof etadi», — deyiladi nashr xabarida.
«Barselona» himoyachini sotib olish bo‘yicha amaliy harakatlarga o‘tishga tayyor. Biroq transferni amalga oshirish oson bo‘lmaydi. Chunki «Tottenxem» o‘z futbolchisini arzon narxga qo‘yib yubormoqchi emas.
Ma’lumotlarga ko‘ra, London klubi Pedro Porro uchun 60 million yevrodan kam bo‘lgan takliflarni ko‘rib chiqmaydi.













