O‘zbekiston futbol assosiasiyasi mamlakat futbol tizimida zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida Britaniyaning «Blue Sky Sports» futbol agentligi bilan muzokaralar olib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi, Boshqaruv samaradorligi agentligi va O‘zbekiston futbol assosiasiyasi mas’ullari «Blue Sky Sports» direktori Richard Kressvell bilan videokonferensiya shaklida uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida futbol sohasida boshqaruv samaradorligini oshirish, xalqaro ilg‘or tajribani joriy etish hamda zamonaviy loyihaviy boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, yosh futbolchilarni xorij klublari va akademiyalarida rivojlantirish, ularning professional faoliyatini samarali boshqarish bo‘yicha hamkorlik istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar Buyuk Britaniyaning futbolni boshqarish va rivojlantirish sohasidagi tajribasini O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdi.














