Ispaniyaning «Xetafe» klubi Madridning «Real» jamoasi sobiq himoyachisi Dani Karvaxalni o‘z safiga qo‘shib olishda kutilmagan to‘siqqa duch keldi. La Liga rahbariyati hozircha ushbu transferni rasmiylashtirishga ruxsat bermayapti.
Cadena SER nashrining xabar berishicha, «Xetafe» 34 yoshli ispaniyalik futbolchiga yiliga taxminan 400 ming yevro maosh taklif qilishni rejalashtirgan.
Biroq Ispaniya chempionati mutasaddilari ushbu kelishuvning moliyaviy shartlariga shubha bilan qaramoqda.
Gap shundaki, La Liga klublar va futbolchilar o‘rtasidagi shartnomalarni moliyaviy jihatdan tekshirib, rasmiy hujjatlarda ko‘rsatilmagan yashirin to‘lovlarning oldini olishga harakat qiladi.
Karvaxalning «Real»dagi avvalgi maoshi esa savollar tug‘dirgan. Tajribali himoyachi Madrid klubida yiliga taxminan 10 million yevro ishlab topgan.
Endi uning «Xetafe»da bundan 25 barobar kam maoshga rozi bo‘lishi La Liga mutasaddilarida shubha uyg‘otmoqda.
Shu sababli hozircha Karvaxalning «Xetafe»ga o‘tishini rasmiylashtirishga ruxsat berilmagan.
Ma’lumot uchun, 34 yoshli ispaniyalik himoyachi ayni paytda erkin agent maqomiga ega va istalgan klub bilan shartnoma imzolash huquqiga ega.













