Braziliya terma jamoasining sobiq futbolchisi Romario Portugaliya milliy jamoasi bosh murabbiyi Jorje Jezush va hujumchi Krishtianu Ronaldu o‘rtasidagi mojaro haqida fikr bildirdi.
«Jorje Jezush Krishtianuga bergan va’dasida turmadi. Qara, birodar, inson o‘z so‘zida turmasa... Qo‘l berib so‘zlashish shartnoma kabi qadrli, hatto undan ham muhimroq. Bu dunyodagi eng muhim narsalardan biri. Agar kimdir va’da qilgan narsasini bajarmasa, demak, u halol ish tutmayapti.
Agar Ronaldu aynan shunday bo‘lganini aytgan bo‘lsa, u mutlaqo haq. “Ammo Jezush terma jamoa bosh murabbiyi-ku?” deyishingiz mumkin. Mayli, lekin Krishtianu avval ham bir marta haqoratlangan. Agar inson birinchi marta o‘z va’dasida turmagan bo‘lsa, ikkinchi marta ham u bilan qolishdan nima foyda?
Krishtianu shunchaki ketishi kerak edi. Ronalduning aytishicha, qizish mashg‘ulotidan so‘ng uni maydonga tushirishmaganida, Jezush kiyinish xonasida unga: “Kechir, seni maydonga tushirishim kerak edi. Bu noto‘g‘ri bo‘ldi va matbuot anjumanida bu haqda aytaman”, degan.
Ammo Jezush matbuot anjumanida bu haqda bir og‘iz ham gapirmadi. U jim qoldi, ularning nimaga kelishgani va u nimani aytishini va’da qilgani haqida hatto bir og‘iz so‘z aytmadi.
Boshqa tomondan, ehtimol, Ronaldu kibrli bo‘lgan yoki hissiyotga berilib harakat qilgandir. Ammo Jezush uni hammaning ko‘zi oldida sharmanda qildi. Ha, uni sharmanda qildi. Shu payt Ronaldu o‘zini haqoratlanganday his qildi va shuning uchun ketdi.
Agar men uning o‘rnida bo‘lganimda, xuddi shunday qilardim. Faqat ketishdan oldin Jezushga: “Yo‘qol”, derdim. Avvaliga shuni qilardim, keyin esa baribir ketardim.
Umuman olganda, menimcha, Ronaldu faqat bitta xato qildi: u darhol Jezushga “Yo‘qol” deb aytishi kerak edi», — deya Romarioning so‘zlarini Al Nassr Zone X ijtimoiy tarmog‘ida keltirgan.













