O‘zbekistonlik taniqli shaxmatchi, Olimpiada chempioni Nodirbek Abdusattorov yuqori darajadagi shaxmatda psixologik barqarorlik va hissiyotlarni nazorat qilish katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Uning fikricha, shaxmatchi partiya davomida avvalgi xatolar yoki salbiy o‘ylarga berilib ketmasdan, butun e’tiborini doskadagi vaziyatga qaratishi zarur.
«Partiyadan keyingi salbiy fikrlarni ortda qoldirish kerak. O‘yin paytida esa butun diqqat doska va pozisiyada bo‘lishi lozim. Bunday o‘ylar nafaqat chalg‘itadi, balki kuch va energiyani ham olib qo‘yadi», — dedi Abdusattorov.
Grossmeysterning ta’kidlashicha, ko‘p hollarda shaxmatchilar texnik emas, balki psixologik omillar sabab ochko yo‘qotadi.
«Men shuni tushundimki, ko‘p ochkolar aynan shunday vaziyatlarda boy beriladi. Vaqt o‘tishi bilan yuqori bosimli holatlarda o‘zimni yaxshiroq nazorat qilishni o‘rgandim», — dedi u.
Abdusattorov elita darajasidagi shaxmatda katta farqni ko‘pincha juda kichik jihatlar yuzaga keltirishini ham qayd etdi.
«Eng yuqori darajada hatto mayda detallar ham partiya taqdirini hal qilishi mumkin. Agar shu jihatlarni takomillashtirib borsangiz, umumiy o‘yiningiz ham sezilarli darajada kuchayadi», — dedi shaxmatchi.













