Madridning «Real» klubi bosh murabbiyi Joze Mourinyo murabbiylik faoliyati davomida hakamlar qarorlaridan tez-tez norozilik bildirgani haqidagi savolga javob berdi.
Portugaliyalik mutaxassisning fikricha, hakamlik bilan bog‘liq mojarolarga ko‘p duch kelgani uning shaxsiy munosabati bilan emas, balki turli klublarda ishlagan davrida yuzaga kelgan vaziyatlar bilan bog‘liq.
Mourinyu Corriere dello Sport nashriga bergan intervyusida «Barselona» atrofidagi «Negreyra ishi» hamda Turkiya futbolidagi mojarolarni misol qilib keltirdi.
«Hakamlarmi? Menimcha, muammo menda emas. Shunchaki, muayyan klubga ishga kelgan paytimda vaziyat men uchun omadsiz kechadi, deb o‘ylayman.
Masalan, «Real»da ishlagan davrim «Negreyra ishi» bilan bog‘liq muhim yillarga to‘g‘ri kelgan. O‘sha vaqtda bu haqda hech kim bilmasdi. Ammo biz bu davrni boshdan kechirdik va uning oqibatlaridan jabr ko‘rdik.
Endi esa bu voqealar haqida ma’lumotlar oshkor bo‘ldi.
Keyinchalik Turkiyada ham katta mojaro yuzaga keldi. Faoliyatim davomida bunday vaziyatlarga ko‘p marta duch kelganman», — dedi Mourinyu.
Ma’lumot uchun, ayni paytda «Barselona»ning hakamlar texnik qo‘mitasi sobiq vise-prezidenti Xose Mariya Enrikes Negreyra bilan moliyaviy munosabatlari yuzasidan tergov jarayoni davom etmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Kataloniya klubi uzoq yillar davomida Negreyraga pul to‘lab kelgan.
«Barselona» rahbariyati esa ushbu to‘lovlar hakamlik qarorlariga ta’sir o‘tkazish maqsadida emas, balki hakamlar faoliyati bo‘yicha tahliliy hisobotlar tayyorlash xizmati uchun amalga oshirilganini ta’kidlamoqda.













