AQSHning Oliy futbol ligasi (MLS) komissari Don Garber kelajakda «Bavariya» hujumchisi Xarri Keynni mamlakat chempionatida ko‘rishni xohlashini bildirdi.
Avvalroq angliyalik futbolchi kelajakda MLSda o‘ynash istagi borligini ma’lum qilgan edi. Shu bilan birga, Keyn Amerika futboli milliy ligasida (NFL) zarbalarni amalga oshiruvchi o‘yinchi sifatida ham o‘zini sinab ko‘rishni xohlashini aytgan.
«Men uning buni amalga oshirishini juda xohlardim.
Menimcha, bu biz orzu qilgan maqsadning ro‘yobga chiqishi bo‘lardi. Biz futbol rivojlangan mamlakatni shakllantirishga xizmat qiladigan haqiqiy futbol ligasini barpo etishni istaganmiz.
Bu gaplar oddiy shiorga o‘xshab tuyulishi mumkin, ammo aslida biz bu maqsadni yozma ravishda ham belgilab qo‘yganmiz.
Biz shunday musobaqa yaratmoqchi edikki, Xarri Keyn kabi futbolchilar «Men ham MLSda o‘ynab ko‘rishni xohlardim», deb aytishsin.
Menimcha, Messi buning mumkinligini isbotladi.
Uni olib kelish uchun raqobatli jarayondan o‘tishga to‘g‘ri keldi. Biz «Barselona»ga qaytishdan ko‘ra yaxshiroq imkoniyat taklif qilishimiz, shuningdek, uni Saudiya Arabistonida o‘ynash fikridan qaytarishimiz kerak edi.
U Mayamida o‘ynashi, klubning yangi stadion qurishiga imkoniyat yaratishi, rekordlar o‘rnatishi va liganing eng qimmatli futbolchisiga aylanishi mumkin edi.
Endi esa u shu hafta milliy terma jamoadagi faoliyatini unutilmas tarzda yakunladi», — dedi Garber.
Shu bilan birga, 33 yoshli Xarri Keyn hozircha faoliyatida pasayish alomatlarini ko‘rsatayotgani yo‘q. Aksincha, u yoshi ulg‘aygani sari o‘yinini yanada takomillashtirib bormoqda.
Angliya terma jamoasi hujumchisi gol urish mahorati va o‘yin tashkil etish qobiliyatini o‘zida mujassam etgan kam sonli futbolchilardan biri hisoblanadi.
Keyn joriy mavsumda ham avvalgi yuqori natijadorligini takrorlashi kutilmoqda.
Shuningdek, u ayni paytda «Bavariya» bilan shartnomasini uzaytirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.













