Kirish Ro'yxatdan o'tish
16/10 19:00 Bunyodkor 1-1 So‘g‘diyona
16/10 19:00 Qo‘qon-1912 2-4 Neftchi
16/10 19:00 Surxon 0-0 Xorazm
16/10 23:45 Frozinone 4-2 Sassuolo
17/10 00:00 Deportivo 1-1 Levante
17/10 18:00 Lokomotiv - Nasaf
17/10 19:00 Dinamo - Buxoro
17/10 19:00 Navbahor - Paxtakor

“Men endi armiyaga bormayman” — Janubiy Koreyada futbolchilarning intervyusi sabab 53 yillik qonun bekor qilinishi mumkin

“Men endi armiyaga bormayman” — Janubiy Koreyada futbolchilarning intervyusi sabab 53 yillik qonun bekor qilinishi mumkin

Baho:
+ | -

Janubiy Koreya hukumati xalqaro musobaqalarda g‘olib chiqqan sportchilarni majburiy harbiy xizmatdan ozod qilish amaliyotini qayta ko‘rib chiqadi. Bunga Osiyo o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan U-23 terma jamoasi futbolchilarining intervyulari sabab bo‘ldi.

Yaponiyaga qarshi kechgan finaldagi g‘alabadan (1:0) so‘ng bir necha futbolchining xatti-harakati mamlakatda jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Hujumchi Yan Min Hyok o‘yindan keyin: “Men uchun medal yoki chempionlik muhim emasdi. Maydonda faqat bitta narsani — harbiy xizmatdan qutulishni o‘ylab harakat qildim”, degan bo‘lsa, jamoa sardori Li Gi Hyok oltin medalini ko‘rsatib, “Men endi armiyaga bormayman”, deya ochiqchasiga gapirgan. Yana bir yarimhimoyachi Park Sin Su esa tarmoqlarga askarlar kiyadigan bosh kiyimdagi suratini joylagan.

Garchi futbolchilar bu harakatlari uchun uzr so‘ragan bo‘lsa-da, jamoatchilikning e’tirozlari to‘xtagani yo‘q. Ayniqsa, dunyoga mashhur “BTS” guruhi a’zolari kabi yulduzlar ham majburiy harbiy xizmatni o‘tagan bir paytda, sportchilarning bunday imtiyoz bilan maqtanib yurishi adolatsizlik sifatida baholanmoqda.

Davlat amaldorlari ushbu tizim eskirganini tan olmoqda. Xususan, madaniyat va sport vaziri Choy Xvi Yong hamda Mudofaa vazirligi vakillari sportchilar va san’atkorlarga beriladigan imtiyozlar tizimi noldan qayta ko‘rib chiqilishi yoki butunlay bekor qilinishini ma’lum qildi.

“Hatto jamoa sardori armiyaga bormasligi bilan maqtanyapti. Unda har yili xizmatga ketayotgan oddiy yoshlar ahmoqmi? Jahon yulduzlari bo‘lgan "BTS" armiyaga borishga majbur bo‘lsa-yu, qandaydir Osiyo o‘yinlari g‘oliblari undan ozod qilinsa — bu chindan ham adolatdanmi?”, deya e’tiroz bildirdi sobiq deputat Yu Son Min.

Ma’lumot o‘rnida, Janubiy Koreyada erkaklar 28 yoshgacha 18—21 oylik majburiy harbiy xizmatni o‘tashi shart. Biroq 1973 yilda joriy qilingan qoidaga ko‘ra, Olimpiada sovrindorlari va Osiyo o‘yinlari chempionlari to‘liq xizmat o‘rniga atigi 3 haftalik tayyorgarlik o‘quvlarida qatnashib, armiyadan ozod qilinishi belgilangan. Joriy yilgi turnirda futbolchilardan tashqari 16 nafar beysbolchi, kiber sportchilar hamda golfchilar ham xuddi shunday imtiyozni qo‘lga kiritgan edi.

Manba: daryo.uz
Kiritildi: 20:43, 08.10.2026.
O'qildi: 1681 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик