«Manchester Yunayted» yoshlar jamoasining 16 yoshli futbolchisi Jey-Jey Gabriel faoliyatini Ispaniyada davom ettirishni rejalashtirmoqda.
Iste’dodli angliyalik Madridning «Real» va «Barselona» klublari o‘rtasida tanlov qilmoqda. La Liganing ushbu grandlari yosh yulduzni qo‘lga kiritish borasida Yevropaning boshqa top-klublaridan oldinda bormoqda. Buning sababi futbolchining o‘zi va uning yaqinlari Ispaniyaga ko‘chib o‘tish niyatida ekanidir. Sky Sport ma’lumotlariga ko‘ra, transfer qiymati 10–15 million yevroni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, Jey-Jey Gabriel joriy mavsum boshidayoq klubdan ketishga qaror qilgan. Bunga uning «Manchester Yunayted»dan ko‘ngli qolgani sabab bo‘lgan. Hujumkor yarim himoyachiga «Bavariya» va PSJ klublari ham qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.













