O‘zbekiston milliy futzal terma jamoasi bosh murabbiyi, ispaniyalik mutaxassis Xose Mariya Mendes salomatligi bilan bog‘liq jiddiy muammolar sabab o‘z xohishiga ko‘ra lavozimidan iste’foga chiqdi.
Avval xabar berilganidek, Mendes avgust oyining so‘nggi kunlaridan buyon yurak yetishmovchiligi bilan bog‘liq tibbiy ko‘rik va tekshiruvlardan o‘tib kelayotgan edi. Dastlab Toshkentda tekshiruvdan o‘tgan mutaxassis keyinchalik chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar uchun Madridga yuborildi.
Ispaniyalik shifokorlar Mendesga ma’lum muddat professional faoliyatidan chetlashish va jiddiy davolanish kursini o‘tash zarurligini bildirgan.
Shundan so‘ng Xose Mariya Mendes O‘zbekiston futzal federasiyasi rahbariyatiga iste’foga chiqish to‘g‘risida murojaat qildi. Federasiya uning salomatligi bilan bog‘liq vaziyatni inobatga olib, murojaatni qanoatlantirdi.
O‘zbekiston futzal federasiyasi mutaxassisga davolanish jarayonini muvaffaqiyatli o‘tkazish va salomatligini to‘liq tiklab olishini tiladi.
O‘zbekiston milliy futzal terma jamoasiga yangi bosh murabbiy tayinlash bo‘yicha qaror qo‘shimcha ravishda ma’lum qilinishi aytildi.













