Madridning «Real» klubi «Liverpul» darvozaboni Giorgi Mamardashvili bilan bog‘liq vaziyatni kuzatib bormoqda va kelasi yozda uni o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Bu haqda ElGOLdigital nashri xabar berdi.
26 yoshli gruziyalik darvozabon Angliya klubida muntazam o‘yin amaliyotiga ega emas.
Mamardashvili joriy mavsumda atigi bitta rasmiy uchrashuvda maydonga tushgan. U 15 sentyabr kuni Angliya Liga kubogi doirasida «Tottenxem»ga qarshi o‘tkazilgan bahsda ishtirok etgan. Mazkur uchrashuv «Liverpul»ning 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan.
Angliya Premyer-ligasida esa jamoaning asosiy darvozaboni hamon Alisson bo‘lib qolmoqda.
Mamardashvilining «Liverpul» bilan amaldagi shartnomasi 2031 yilning iyun oyi oxirigacha mo‘ljallangan.
Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, gruziyalik darvozabonning hozirgi transfer qiymati 28 million yevroni tashkil etadi.
Shu bilan birga, Mamardashvilining kelajagi Alisson bilan bog‘liq vaziyatga ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Braziliyalik darvozabonning shartnomasi 2027 yilning iyun oyi oxirigacha amal qiladi. Hozircha kelishuvni yana uzaytirish bo‘yicha bir to‘xtamga kelinmagan.
Agar Alisson «Liverpul»da qolib, asosiy darvozabon maqomini saqlab qolsa, Mamardashvili faoliyatini boshqa klubda davom ettirish variantlarini ko‘rib chiqishi mumkin.
Gruziyalik golkiperga «Real»dan tashqari, avvalroq Turinning «Yuventus» va Milanning «Inter» klublari ham qiziqish bildirgan.













