«Manchester Yunayted»ning sobiq futbolchisi Teddi Sheringem mankunianliklarga «Brayton» safida to‘p tepayotgan gresiyalik hujumchi Xaralampos Kostulosni sotib olishni tavsiya qildi.
Sheringem yosh hujumchining o‘yiniga yuqori baho berib, «Manchester Yunayted» uning transferi borasida tezroq harakat qilishi kerakligini ta’kidladi.
«U urayotgan gollar shunchaki aqlbovar qilmaydi! Men unda haqiqiy hujum yetakchisini ko‘ryapman.
U «Brayton» 100 milliondan ortiq pul ishlab oladigan navbatdagi futbolchi bo‘ladi.
Maykl Karrikning «Brayton»ga qo‘ng‘iroq qilish vaqti keldi. Uni boshqa klub qo‘lga kiritmasidan oldin harakat qilish kerak», — deya sobiq hujumchining so‘zlarini keltiradi Football365.
Transfermarkt portali Xaralampos Kostulosning transfer bozoridagi qiymatini 40 million yevroga baholamoqda.
Gresiyalik futbolchining «Brayton» bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilning iyun oyi oxirigacha mo‘ljallangan.
Kostulos joriy mavsumda Angliya Premyer-ligasining beshta uchrashuvida maydonga tushib, ikkita gol urgan va bitta golli uzatmani amalga oshirgan.













